TOShKENT, 22 noya — Sputnik. O‘zbekistonda taqiqlangan uslublardan foydalanib ov qilish uchun belgilangan jazo choralari kuchaytirildi. Bu haqida 21-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan 1004-sonli qonunda aytib o‘tilgan.
"Taqiqlangan qurollardan yoki usullardan foydalangan holda ov qilish: bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3-yildan 5-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3-yildan 7-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi", - deyiladi qonun matnida.
Xususan, elektr tokini, portlovchi, kimoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo‘llagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash uchun BHMning 600 baravarigacha jarima solinishi yoki 7-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Yangi qonunda nafaqat ov qilish yoki baliq ovlash qoidalarini buzish, balkim hayvonot dunyosidan foydalanish qoidalarini buzish ham, jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa-da, BHMning 20 dan 30 baravarigacha (jismoniy shaxslarga) va BHMning 30 dan 40 baravarigacha (mansabdor shaxslarga) jarima solish belgilangan.