Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi beriladi

Himoya orderi 30 kun muddatgacha beriladi va rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Sputnik
TOShKENT, 16 noya — Sputnik. O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda qayd etilgan.
Qonunga muvofiq:
zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari belgilanmoqda;
bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlar belgilanib, jumladan, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shunga ko‘ra, himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan beriladi va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga vakolatli davlat organi ishtirokida topshiriladi. Himoya orderi 30 kun muddatgacha beriladi va rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi. Agentlik yordam ko‘rsatish, maslahat berish mexanizmi va chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot olinishini, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hollarining oldi olinishini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning butun hududida tunu kun ishlaydigan ishonch telefoni ishlashini ta’minlaydi. Ishonch telefoni orqali olingan axborotni oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi. Qonun loyihasi Adliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan.
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida qonun qabul qilindi