TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Oktabr oyida O‘zbekiston uy-joy bozori savdolarida biroz o‘sish kuzatilib, so‘nggi ikki oydagi pasayish to‘xtadi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent va Jizzax viloyatlarida uy-joy sotuvlarida o‘sish, Qoraqalpog‘istonda esa faollik kuzatildi. Ikkilamchi bozorda narxlarda katta o‘zgarish kuzatilmadi. Natijada uy-joy ijara bozoridagi vaziyat ham barqarorlashdi.
Demak, oktabr oyida ko‘chmas mulk bozorida ijobiy dinamika kuzatildi. Ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni sentabr oyiga nisbatan 0,6% ga oshib, 21,4 mingtani tashkil etdi. Ko‘chmas mulk bozoridagi faollik yiliga 2% o‘sishi, uy-joy bozordagi faollik qayta tiklanishini ko‘rsatmoqda.
Hududiy dinamika
Ko‘chmas mulk bozorining hududlar kesimidagi dinamikasi Toshkent viloyatida (+10%) sezilarli o‘sib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+8,1%) va Jizzax viloyatida (+7,5%) ham ijobiy tendensiya qayd etildi.
“10 oylik ma’lumotlarga ko‘ra, oltita hududda faollik pasaygan, eng katta pasayish Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida kuzatilgan”, — deyiladi xabarda.
Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari
Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joylar bozori narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,1% ga o‘sish). Oy davomida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida eng katta o‘sish Andijon - 5,1% va Sirdaryo - 3,3% viloyatlarida qayd etildi.
Yettita hududda ikkilamchi uy-joy narxining pasayishi kuzatilgan bo‘lsa, eng katta pasayish Namangan – 3,4%, Xorazm – 3,2% va Samarqand – 2,5% viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatildi, bu yerda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 328 dollarni tashkil etadi.
Ikkilamchi uy-joylarning eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, kvadrat metr uchun o‘rtacha 1100 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning Bektemir - 3,9% va Yashnobod - 3,1% tumanlarida sezilarli pasayish qayd etildi.
Umuman olganda, respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,5% oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida shu davrda 1,3% pasayish kuzatildi.
Uy-joy ijara bozori
Toshkentda uy-joy ijara narxlari barqarorlashuvi davom etdi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan – 1 kv. m. uchun 8,3 dollar.
Oy davomida poytaxtning 14 ta markaziy tumanlaridan 5 tasida uy-joy ijarasi narxi pasaydi. Eng katta pasayish Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilib, bu tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 4,5% kamaydi.
Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, eng arzon uy-joy ijarasi Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatilmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 6 dollarni tashkil etadi.
Umuman olganda, Toshkent shahrida yil davomida uy-joy ijarasi 12%dan ko‘proq kamaydi. Eng katta pasayish Yashnobod - 18%, Sergeli - 17% va Mirzo-Ulug‘bek - 15,2% tumanlarida qayd etildi.