Zudlik bilan vaksinalar ishlab chiqish zarur bo‘lgan kasalliklar ro‘yxati e’lon qilindi

JSST zudlik bilan vaksinalar ishlab chiqish zarur bo‘lgan kasalliklar ro‘yxatini e’lon qildi.
Sputnik
TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tezkor ravishda yangi vaksinalar ishlab chiqish zarur bo‘lgan 17 ta patogen ro‘yxatini taqdim etdi, deya xabar berdi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, OIV, bezgak va silga (tuberkuloz) qarshi yanada samarali vaksinalar yaratish bo‘yicha izlanishlarni davom ettirish kerak. Chunki xuddi shu xastaliklar tufayli yiliga 2,5 million kishi hayotdan ko‘z yummoqda.
JSST ro‘yxatidan joy olgan birinchi guruhga mansub quyidagi kasalliklarga qarshi hali emlash vositalari mavjud emas:
A guruhiga kiruvchi streptokokklar;
gepatit C virusi;
OIV-1 (HIV-1);
Klebsiyella pnevmoniyasi.
Ikkinchi guruhga mansub quyidagi patogenlarga qarshi vaksinalar yaratilgan, ammo ularni kelgusida yanada takomillashtirish zarur:
sitomegalovirus;
gripp virusi;
leyshmanioz;
salmonelloz;
norovirus;
bezgak plazmodiyasi;
shigella;
tillarang stafilokokk.
Uchinchi guruhga mansub quyidagi kasalliklarga qarshi vaksinalar esa nazorat qiluvchi organlar tomonidan ro‘yxatga olinish arafasida:
denge bezgagi;
B guruhiga kiruvchi streptokokklar;
ichak tayoqchasi;
sil;
respirator-sinsitial virus.
Dunyoda sil bilan kasallanish keskin oshdi — JSST