O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirishga Saudiya Arabistoni kompaniyalari va maslahatchilari jalb etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 11 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ar-Riyod shahrida o‘tkazilayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammiti doirasida Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saudni qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va "yashil" energetika sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari O‘zbekiston energetika sohasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgan yetakchi "ACWA Power" kompaniyasi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidladi.
O‘zbekiston hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, "yashil" vodorod ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda mahalliylashtirish va korxonalar energiya samaradorligini oshirish jarayonlariga Saudiya Arabistoni kompaniyalari va maslahatchilarini jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, bugun O‘zbekiston yetakchisi navbatdan tashqari Arab-islom sammitida ishtirok etadi. Tadbir kun tartibiga muvofiq, G‘azo va Livandagi keskinlikni tez fursatda kamaytirish, mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida qanday kutib olindi — foto