TOShKENT, 11 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-13 noyabr kunlari xalqaro sammitlarda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistoni va Ozarbayjonda bo‘ladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Ikki muqaddas masjid xodimi - Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan davlat rahbari 11-noyabr kuni G‘azo va Livandagi vaziyatning keskinlashuvi hamda Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topish choralarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Arab-islom sammitida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari Ar-Riyod shahrida navbatdan tashqari Arab-islom sammitida ishtirok etadi va nutq so‘zlaydi.
Shuningdek, 12-13 noyabr kunlari O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga ko‘ra BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) tadbirlarida qatnashadi.
O‘zbekiston prezidentining mazkur sammitlarda nutq so‘zlashi, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.