TOShKENT, 4 noya — Sputnik. O‘zbekiston va Pokiston turli sohalarda hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Pokiston Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 9-yig‘ilishida ma’lum qilindi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya majlisi hamda O‘zbekiston-Pokiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Pokiston savdo vaziri Jam Kamol Xon, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, ikki davlatning 100 tadan ortiq yirik sanoat korxonalari rahbarlari ishtirok etishdi.
Delegatsiya rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvida savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston-Pokiston kelishuvlarini amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobot va rejalari tinglandi.
“Qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo bitimlarini amalga oshirish bosqichlarini batafsil ko‘rib chiqib, tomonlar natijalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator aniq chora-tadbirlarni belgilab oldilar. Shu jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim samaradorligini oshirish, har ikki mamalakatda milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish va savdo uylarini ochish hamda tadbirkorlar uchun ikki davlatning elektron savdo maydonchalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi”, — deyiladi vazirlik xabarda.
Investitsiya hamkorligi doirasida 2025-2026 yillar uchun “Sanoat kooperatsiyasi dasturi” ishlab chiqiladi. Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, axborot texnologiyalari, kimyo sanoati, tekstil va mashinasozlik kabi sohalarda keng ko‘lamli qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.
Shuningdek, transport aloqalarini rivojlantirish va mamlakatlar o‘rtasida tovarlar harakatini soddalashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar kelishib olindi.
“Tadbirlar yakunida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishining yakuniy bayonnomasi hamda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Pokiston Islom Respublikasi savdo vazirligi o‘rtasida elektron tijorat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi”, — deyilgan xabarda.
So‘nggi besh yilda Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 3 baravar ko‘payib, shu yil boshidan yana 10% o‘sdi va 300 million dollardan oshdi. So‘nggi besh yilda qo‘shma korxonalar soni ham uch baravarga oshib, 128 taga yetdi. Avtomobil transportida yuk tashish hajmi qariyb 6,5 baravarga o‘sib, 2023-yilda 354 ming tonnaga yetdi.