O‘zbekistonlik olimlar yangi baliq turini kashf qilishdi

Olim: mintaqada hali o‘zining o‘rganilishini kutib turgan turlar talaygina.
Sputnik
TOShKENT, 4 noya — Sputnik. O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysi suv havzalaridan fan uchun yangi bo‘lgan yalangbaliq turini kashf etishdi. Bu haqda biolog Baxtiyor Sheraliyev ma’lum qildi, deb yozmoqda O‘zA.
Baxtiyor Sheraliyev boshchiligidagi Farg‘ona davlat universiteti ixtiolog olimlari Farg‘ona vodiysi hamda O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi baliqlarning tur tarkibi, biologiyasi va ekologiyasiga oid qator tadqiqotlarni olib bormoqda.
“So‘nggi bir necha yilda Markaziy Osiyo suv havzalarini ixtiologik jihatdan tekshirish jarayoni shuni ko‘rsatmoqdaki, mintaqada hali o‘zining o‘rganilishini kutib turgan turlar talaygina. O‘tgan yillar mobaynida Shohimardon darosidan “Triplophysa ferganaensis”, So‘x darosidan esa “Triplophysa daryoae” kabi baliq turlarining kashf etilgani buni tasdiqlaydi. So‘nggi tadqiqotlarimiz natijasi asosida esa “Dzihunia pseudoamudarjensis” turi kashf etildi. E’tiborli jihati shundaki, kashf etilayotgan turlarning aksariyati mintaqamiz endemiklari hisoblanadi, – dedi Baxtiyor Sheraliyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tur o‘zining urug‘doshlaridan yon chizig‘idagi poralari soni (84-86 ta), ingichka dum bandi, orqa va anal suzgich qanotlarining pastligi hamda ko‘zlararo masofasining yirikligi bilan farq qiladi.