TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Sina qishlog‘i va Boysundagi Omonxona qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Tadbir ishtirokchilari tog‘lar qo‘ynidagi Sina, Ushor, Sunbula kabi qishloqlar aholisining hayoti bilan tanishdi.
"Sirli baliq ko‘li, maftunkor “Sunbulai zor” tabiat mo‘’jizasi, Qiz qo‘rg‘on arxeologik yodgorligi, Xo‘jai Hisor ziyoratgohi kabi sayyohlik maskanlari, oilaviy mehmon uylari, hududning milliy hunarmandchiligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi", — deyiladi xabarda.
Xorijiy va mahalliy sayyohlarga non, patir va somsaning 20 dan ziyod turi hamda tandir kabob, go‘jali osh va boshqa taomlarni tayyorlash sirlari namoyish etildi. Shuningdek, milliy o‘yinlar, sport musobaqalari ham o‘tkazildi.
Shuningdek, Boysundagi Omonxona qishlog‘iga ham “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi.
Ma’lumot uchun, bunday maqomga ega bo‘lgan hududda ravon yo‘llar barpo etilib, obodonlashtiriladi. Elektr energiyasi, gaz, suv ta’minoti, oqava suv tizimi yaxshilanadi. Mobil aloqa va internet tarmog‘i sifatini oshirish uchun bazaviy stansiyalar o‘rnatiladi. Qishloq odamlari uchun yangi ish o‘rinlari va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.