TOShKENT, 3 noya — Sputnik. YeOIIda mehnat migrantlarining moliyaviy savodxonligini oshirish uchun Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) hay’ati rahbari Baxitjan Sagintayev pilot loyiha ishlab chiqishni taklif qildi.
Sagintayev Jenevada Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) Bosh direktori Emi Poup bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida migratsiya sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, xususan, Yevroosiyo makonida mehnat resurslari oqimini tartibga solish muhokama qilindi.
“Biz Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi mehnat migrantlarining moliyaviy savodxonligini oshirishdan iborat bo‘lgan tajriba loyihasini ishlab chiqish va ishga tushirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz”, — dedi Sagintayev.
Ta’kidlanganidek, mehnat migrantlarining kasbiy malakalarini malakalarning qiyoslanishi asosida tan olish sohasidagi xalqaro tajriba YeIK uchun qiziqish uyg‘otadi.
Komissiya har yili YeOII mamlakatlaridagi eng ommabop lavozimlar va kasblar ro‘yxatini tuzadi. Ro‘yxatga kiritilgan kasblar bo‘yicha malaka talablari qabul qilinadi.
Emi Poup mazkur ro‘yxatni o‘rganishga qiziqish bildirdi va kelgusida bandlik sohasida o‘zaro hamkorlik qilish uchun yuzaga kelayotgan imkoniyatlardan foydalanish, xususan, maxsus qo‘shma dastur yaratish zarurligini aytib o‘tdi.
Sagintayevning aytishicha, bu yil Komissiya axloqiy yollash siyosati va strategiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha XMT Global tarmog‘i ishiga qo‘shildi. Bundan tashqari, u Yevroosiyo yuqori migratsiya jozibadorligiga ega ekanligini va YeOII Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini qo‘shimcha qildi.