TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Dunyoda silga (tuberkuloz) chalinish holatlari keskin oshdi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) tayanib xabar berdi.
Tashkilot sil kasalligi bo‘yicha yangi hisobotni e’lon qildi.
Unda qayd etilishicha, 2023-yili ushbu xastalik dunyo bo‘yicha 8,2 million kishida aniqlangan. Xavotirli jihati, bu 2022-yilga nisbatan 0,7 millionta ko‘p va 1995-yildan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
“2023 yilda sil yuqumli kasalliklardan o‘lim holatlarining asosiy omiliga aylanib, bu borada COVID-19 ni ortda qoldirdi, — deyiladi hisobotda. — O‘tgan yili sil oqibatida 1,25 million kishi hayotdan ko‘z yumgan va bu ko‘rsatkich undan avvalgi yilga nisbatan biroz kamaygan bo‘lsa-da, bemorlar soni taxminan 10,8 million nafarga oshgan".
Eng ko‘p kasallanish holatlari Hindiston (26 foiz), Indoneziya (10 foiz), Xitoy (6,8 foiz), Filippin (6,8 foiz) va Pokiston (6,3 foiz) davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
JSST xulosasiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab silning dorilarga chidamli turlari keng tarqalishi “inqiroz omili”dir. O‘z navbatida, tashkilot mazkur yuqumli kasallikning rivojlanish xavfini oshiradigan besh asosiy omilni keltirib o‘tdi:
to‘yib ovqatlanmaslik;
OIV infeksiyasi;
spirtli ichimliklar asoratlari bilan bog‘liq kasalliklar;
chekish va qandli diabet.
“So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sil bilan kasallanish darajasi 1,5-2 barobar, o‘lim holatlari 6-8 barobar kamaydi. Budunyoning juda kam sonli davlatlari erishgan ko‘rsatkichdir”, — deyiladi SSV xabarida.
Aytilishicha, O‘zbekistonda silni davolash samaradorligi keyingi yillarda 90 foizga yetkazildi va bu JSSTning xastalikni tugatish strategiyasi maqsadlariga mosdir.