TOShKENT, 29 okt — Sputnik. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Hindiston, Mo‘g‘uliston va Malayziya delegatsiyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Kudratov Hindistonning "Adani Group" kompaniyasining Biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Ashish Xan boshchiligidagi delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Laziz Kudratov Hindiston, Mo‘g‘uliston va Malayziya delegatsiyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi
© Ministerstvo investitsiy, promishlennosti i torgovli
Unda energetika, transport va logistika, konchilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi muhim tarmoqlarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Elektr stansiyalarini qurish, infratuzilmani rivojlantirish va logistika imkoniyatlarini kengaytirish tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi.
“Muzokaralar natijasida tomonlar hamkorlikni rivojlantirishga sobit qolishlarini bildirishdi va yangi loyiha tashabbuslarini amalga oshirish uchun asosiy tarmoqlarni belgilab olishdi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Mo‘g‘uliston Davlat Buyuk Xurali deputati, “Mo‘g‘uliston-O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi raisi, O‘zbekistondagi parlament saylovlarida Mo‘g‘ulistondan kuzatuvchilar missiyasiga rahbarlik qilayotgan Suxbaatar Erdenebat bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Laziz Kudratov Hindiston, Mo‘g‘uliston va Malayziya delegatsiyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi
© Ministerstvo investitsiy, promishlennosti i torgovli
Suhbatda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni bosqichma-bosqich va o‘z vaqtida amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoati sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Dekabr oyida O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorlik bildirildi. Unda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida imtiyozli savdo masalalari, investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitim va ikki davlat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi dasturi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
“Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va muhokama qilingan yo‘nalishlarni amalga oshirishni jadallashtirishga tayyorligini bildirishdi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Vazir Malayziya parlamenti yuqori palatasi raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Mohamad bilan ham uchrashdi.
Laziz Kudratov Hindiston, Mo‘g‘uliston va Malayziya delegatsiyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi
© Ministerstvo investitsiy, promishlennosti i torgovli
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Malayziyaga xizmatlar, kimyo va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirmoqda. Toshkentdagi Malayziya elchixonasida Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasining (MATRADE) vakolatxonasi ochildi. O‘zbekistonda Malayziya kapitali ishtirokidagi 37 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olib, amaldagi kelishuvlarni faollashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida kelishib olishdi.
“Ular orasida Malayziyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan qo‘shma loyihalarni joylashtirishga mo‘ljallangan “O‘zbekiston-Malayziya sanoat zonasi” tashkil qilish tashabbusi ham bor”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha har ikki tomonning mas’ul shaxslari hamda muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishning aniq muddatlari belgilab olindi hamda kelgusida hamkorlik qilish mexanizmi ishlab chiqildi.
Nozimjon Xolmurodov “Eko Yevroosiyo” jamg‘armasi boshqaruvi raisi Hikmet Eren bilan uchrashuv o‘tkazdi.
© Ministerstvo investitsiy, promishlennosti i torgovli
Qolaversa, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov “Eko Yevroosiyo” jamg‘armasi boshqaruvi raisi Hikmet Eren bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda 2025-yilning birinchi yarmida Anqarada O‘zbekiston-Turkiya tadbirkorlik sammitini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.