TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Saylov kuni prokuratura organlariga fuqarolar, xususan saylovchilar va nomzodlardan jami 7 ta murojaat kelib tushdi. Bu haqda mamlakat bosh prokurori o‘rinbosari Shohrux Aminov jurnalistlarga brifingda ma’lum qildi.
“Murojaatlar Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahriga bittadan to‘g‘ri keladi. Murojaatlarda Qonunchilik palatasi va Mahalliy Kengashlarga o‘tkazilayotgan saylovlarga oid masalalar bayon etilgan. Kelib tushgan murojaatlarning 4 tasida saylov komisssiyalari tomonidan fuqarolarga saylovga taklifnomalar berilmaganligi bayon etilgan. Bunday murojaatlar tezkorlik bilan ko‘rib chiqilib, saylovchilarning saylash huquqlari amlada to‘liq ro‘yobga chiqarildi”, — dedi u.
Saylov kodeksining 27-moddasiga ko‘ra, saylovchilar ro‘yhatiga saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar kiritiladi. Shu munosabat bilan doimiy yoki vaqtincha yashash joylari boshqa hududlarda bo‘lgan fuqarolarga o‘zlari saylovchi sifatida ro‘yhatga kiritlgan hududlardagi tegishli saylov uchastkalariga murojaat qilishlari lozimligi tushuntirildi.
Qolgan 1 ta murojaat saylovoldi tashviqoti, bittasi saylovda ovoz berish tartibi buzilganligi, 1 tasi saylov o‘tkazish jarayonidagi tashkiliy masala haqidagi murojaatlardan iborat.
“Fuqarolar saylov kuni ham jarayon haqida o‘zlarining fikr mulohazalarini internet tarmog‘i orqali bildirib borishdi. Shtablarimizda butun saylov jarayoni davomida 33 ta saylov bilan bog‘liq internet ma’lumotlari jamlandi. Ularni o‘rganish natijasida bugungi kunga qadar amaldagi qonunchilik talablari buzilganligi holatlari yuzasidan 1 nafar shaxsga nisbatan saylovoldi tashviqotini olib borish sharti va tartibini buzish bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘hrisida bayonnoma rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi”, — deya qo‘shimcha qildi Aminov.
Bosh prokuror o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, tajribali prokuror, tergov xodimlaridan iborat tezkor guruhlar tuzilib, mazkur xabarlar yuzasidan tekshirish o‘tkazilmoqda. Saylov qonunchiligi buzilishi haqidagi murojaatlar, OAV ma’lumotlari shtab tomonidan alohida nazoratga olingan.