TOShKENT, 28 okt — Sputnik. “Saylov 2024” mobil ilovasi, ayniqsa, yosh saylovchilar orasida mashhur. Bu haqda MDH kuzatuvchilari missiyasi ma’lum qildi.
Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ko‘ra, xalqaro kuzatuvchilar guruhi 575-saylov uchastkasida ham bo‘lishdi. Ular saylovchilar bilan suhbatlashdi, birgalikda suratga tushdi, saylov uchastkasida ovoz berish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Missiya rahbari Sergey Lebedev fuqarolarning saylov jarayoniga an’anaviy qiziqishi, ovoz berishning tinchligi, saylovchilarning yuqori faolligi hamda ayrim saylov uchastkalarida elektron ovoz berish tizimi qo‘llanilayotganini qayd etdi. Barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratilgan.
Ta’kidlanishicha, “Saylov 2024” mobil ilovasi, ayniqsa, yosh saylovchilar orasida mashhur bo‘lib, unda ushbu mavzu bo‘yicha asosiy ma’lumotlar, jumladan, saylov qonunchiligi, saylov uchastkalarining joylashuvi, o‘quv materiallari va boshqa ko‘plab ma’lumotlar mavjud.
MDH missiyasi Toshkent shahrida, mamlakat viloyatlarida, shuningdek, xorijiy hududlarda ochiq va oshkora ish olib bordi.