TOShKENT, 28 okt — Sputnik. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) bosh kotibi Asad Majid Xon bilan uchrashdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, IHT mamlakatlari dunyo energetika resurslarining uchdan bir qismiga egalik qiladi. Kudratov IHT mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashda Tashkilot Kotibiyatining muhim rolini yuqori baholadi.
Asad Majid Xon esa qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan konseptual loyiha va tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish va kelishish jarayonida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
“Gap IHT mamlakatlari bilan kelishish jarayonida bo‘lgan Savdoni osonlashtirish bo‘yicha IHT kelishuvi loyihasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida Savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar markazini tashkil etish konsepsiyasi kabi hujjatlar haqida bormoqda”, — deyiladi xabarda.
Muzokaralar yakunida tomonlar Tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga sobitligini tasdiqlashdi. Kelasi yilning aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan IHTga a’zo mamlakatlarning “INNOPROM. Markaziy Osiyo” sanoat ko‘rgazmasida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi 5-yilda O‘zbekistonning IHT davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi hajmi 37 foizga o‘sib, 2023-yil yakuniga ko‘ra 12,3 milliard dollarni tashkil etdi. Faqat shu yil boshidan buyon IHT mamlakatlari kapitali ishtirokida mamlakatda 900 tadan ortiq yangi korxonalar tashkil etildi va ularning umumiy soni 5 mingtaga yetdi. Oxirgi uch yilda IHT davlatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar oqimi 5 milliard dollardan oshdi.