O‘zbekstonda parlament saylovlari — 2024
2024 yil 27-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar, shahar va tuman kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Parlament saylovlarida ovoz berish jarayoni boshlandi

Saylovda ovoz berish soat 08:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 okt — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish jarayoni boshlandi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Saylovda ovoz berish soat 08:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda parlament saylovlari ilk bor aralash majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazilmoqda. Saylovlarni o‘tkazish uchun 10 717 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan, ulardan 57 tasi 40 ta davlatda, shu jumladan, 7 tasi Rossiyada. O‘zbekistondagi parlament saylovlarini MDH PAdan 60 nafardan ortiq kuzatuvchi kuzatib boradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda navbatdagi parlament saylovi 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi, saylovoldi tashviqoti 26-iyuldan boshlandi, nomzodlar 22-sentabrdan boshlab saylovoldi tashviqotini davom ettirmoqda.
Mamlakatda saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga 19 944 859 nafar saylovchi kiritildi. Saylovda ilk marotaba qatnashadigan yoshlar 506,8 ming nafarni tashkil etadi.
Saylov kampaniyasida ishtirok etishiga ijozat berilgan beshta siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan jami 375 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.
Yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga mazkur beshta siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan jami 500 nafar nomzodlar ro‘yxati ro‘yxatga olindi.
Ma’lumki, yagona saylov okrugi bo‘yicha 75-100 nafar deputatlikka nomzod partiya ro‘yxatiga binoan ko‘rsatilishi mumkin. Tarixda birinchi marta beshta siyosiy partiya tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi. Xususan, siyosiy partiyalar tomonidan bu yil Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 3 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga jami 24 850 nafar nomzodlar, ya’ni barcha saylov okruglarida nomzodlar to‘liq ko‘rsatilishi imkoniga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston parlament saylovida jami 851 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi, jumladan o‘n uchta nufuzli xalqaro tashkilotlardan, xususan Yevropada Xavfsizlik Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha burosi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Islom Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tuzilmalardan jami 560 nafar, xorijiy davlatlar 24 ta saylov organlaridan 46 nafar, dunyoning 43 ta davlatidan 245 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Ayni paytda, siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ortiq kuzatuvchi saylovni kuzatib boradi. Hozirgi kunga qadar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jami 1 068 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 mln 15 ming 948 nafar, xorijda esa 132 ming 667 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi ovoz berdi.
Saylov uchastkasida soat 20:00 da ovoz berish tugaganligi e’lon qilinadi va saylov bulletenlar bo‘yicha ovozlar sanab chiqiladi.
O‘zbekstonda parlament saylovlari — 2024
MSKda kuzatuvchilar missiyalari vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi