TOShKENT, 25 okt - Sputnik. Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish xalqaro valyuta va moliya tizimi uchun chuqur tizimli oqibatlarga olib keladi, dedi AQShda bo‘lib o‘tgan "Katta yigirmatalik" (G20) davlatlari moliyaviy organlari yig‘ilishida Rossiya Moliya vazirligi vakili.
“Rossiya tomoni yana bir bor xalqaro huquqqa zid bo‘lgan bir tomonlama cheklovchi choralarni joriy etish amaliyoti normal holatga aylanib borayotganidan xavotirda.
G20 geoiqtisodiy parchalanishga qarshi turishi kerak. Barcha uchun teng huquqli, ko‘p tomonlama savdo va moliyaviy tizimni saqlab qolish juda muhimdir. Rossiyaning muzlatilgan moliyaviy aktivlaridan foydalanish — xalqaro valyuta-moliya tizimi uchun chuqur tizimli oqibatlarga olib keladi”, — dedi Rossiya moliya vaziri o‘rinbosari Ivan Chebeskov yig‘ilishda.
“AQSh dollari dunyoga Amerika valyutasidagi operatsiyalar bilan bog‘liq xavflarni eslatuvchi qurol sifatida tobora ko‘proq foydalanilmoqda, tabiiyki, rivojlanayotgan mamlakatlar tranzaksiyalarni amalga oshirish va zaxiralarni saqlash uchun boshqa valyutalarni qidiradi”, — deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.
23-24 oktabr kunlari Vashingtonda Braziliya raisligida "Katta yigirmatalik" guruhi moliya vazirlari va markaziy bank raxbarlarining yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri o‘rinbosari Ivan Chebeskov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi ishtirok etdi.
Uchrashuv Vashingtonda an’anaviy tarzda XVJ va Jahon banki boshqaruv organlarining yillik yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar jahon iqtisodiyoti va moliya sektorining ahvoli yuzasidan fikr almashdilar.