TOShKENT, 21 okt — Sputnik. Respublikaning 30 tadan ortiq oliygohida o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida kadrlar tayyorlanmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri tarigida ma’lum qilindi.
Bugun 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni. Bu yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35-yilligi nishonlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ona tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish borasidagi ishlarda vazirlik tizimidagi oliy va professional ta’lim muassasalarida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, qirqdan ziyod fundamental kitoblar nashr etildi.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati;
Alisher Navoiy qomusi;
Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi;
Falsafa qomusiy lug‘ati;
O‘zbekiston yuridik ensiklopediyasi;
Islom ensiklopediyasi;
Ma’naviyat: asosiy tushunchalar lug‘ati;
Pedagogika: ensiklopediya;
Tarix atamalari lug‘ati;
Adabiyotshunoslik lug‘ati;
Yuridik atamalar lug‘ati.
“Shular qatorida o‘zbek tilining elektron milliy korpusi va dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini yaratish, o‘zbek tilini Internet tarmog‘ida ommalashtirish va munosib o‘rin egallashini ta’minlash, davlat tilini o‘rgatishga hamda matn tahririga mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha ham ko‘lamli ishlar amalga oshirildi”, —deyiladi xabarda.
Mamlakatda o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida jami 30 tadan ortiq oliygohda kadrlar tayyorlanmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida 7 ming nafardan ziyod fan nomzodlari va doktorlari, professor-o‘qituvchilar o‘zbek tili va adabiyotidan dars bermoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘rgatish va malaka oshirish markazida vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari o‘zbek adabiy tili meyorlari va imlo qoidalari bo‘yicha muntazam o‘qitilmoqda.
Aytilishicha, universitetda tashkil etilgan “O‘zbek maktabi”da esa yuzlab xorijliklar ona tili va milliy madaniyat asoslarini o‘rganmoqda. Bu borada keyingi yillarda o‘zbekcha-xitoycha, o‘zbekcha-inglizcha, o‘zbekcha-fransuzcha, o‘zbekcha-nemischa, o‘zbekcha-arabcha, o‘zbekcha-forscha lug‘at va so‘zlashgichlar nashr etilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzovaga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda 7 ta yangi oliy ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning soni jami 213 taga yetgan.