O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston energetika va suv xo‘jaliklari vazirlari uchrashdi

Uchrashuvda vazirlar suv-energetika tizimining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash masalalarini muhokama qilishdi.
Sputnik
TOShKENT, 14 okt — Sputnik. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston energetika va suv xo‘jaliklari vazirlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
Toshkentda O‘zbekiston energetika vaziri, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri, Qozog‘iston energetika vaziri, Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri va Qirg‘iziston energetika vaziri hamda boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirokida navbatdagi ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ushbu uchrashuvda Ozarbayjon energetika vaziri o‘rinbosari mehmon sifatida ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatlar suv-energetika tizimining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tarmoqlar ish rejimlarining grafiklari kelishildi.
“Mazkur tadbirda tomonlar o‘rtasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, “Qambarota GES-1” qurilishi loyihasining hozirgi holati hamda suv-energetika balansini muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, uchrashuvda Xitoyning “CEEC” kompaniyasi vakillari bilan Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyatida “Chotqol” GES qurilishi yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston energetika va suv xo‘jaliklari vazirlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘rtasida doimiy ishchi guruh yig‘ilishlarini o‘tkazib turish va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan “yo‘l haritasi”ni imzolash taklif etildi. Qayd etilishicha, tegishli hujjatlar ham imzolandi.