Umra ziyorati uchun litsenziya olishning talab va shartlari e’lon qilindi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra faoliyatini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha rasmiy xabar e’lon qildi.
Sputnik
TOShKENT, 14 okt — Sputnik. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun litsenziyalarni berishni oktabr oyidan amalga oshiradi, deya xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.
“Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun litsenziya yakka tartibdagi litsenziya turi hisoblanadi hamda litsenziyalarni berish tanlov asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan 2024-yil oktabr oyidan amalga oshiriladi”, — deyiladi xabarda.
Quyidagi litsenziya talab va shartlari joriy etilmoqda:
ziyoratchilarga guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash;
shtatida diniy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning mavjudligi;
voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
1 mln dollar miqdordagi mablag‘ni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistoni podshohligining faqat umra vizasini rasmiylashtirish;
umra vizasidan tashqari viza bilan fuqarolarni olib borish noqonuniy faoliyat hisoblanadi.
umra xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish hamda ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish;
ziyoratchilarga umra amallarini bajarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va sifatli umra xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish;
xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha 2-yildan kam bo‘lmagan tajribaga ega hamda ushbu davr mobaynida yo‘lovchi tashishning xalqaro va milliy qonunchilik talablarini buzmagan aviakompaniyalar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, ziyoratchilarni yuborishdan oldin ularga borish-kelish aviachiptalarini xarid qilish;
ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
umra xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
umra xizmatini litsenziyada ko‘rsatilgan manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali amalga oshirmaslik.
“Shuningdek, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) etib belgilangan”, — deyiladi xabarda.
Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarini litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘rsatish taqiqlangan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyoratchilarni Umra amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishlari va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishlarini tavsiya etdi.
Rasman: Umra mavsumi 10-sentabrdan boshlanadi