TOShKENT, 14 okt — Sputnik. Vengriyada Alisher Navoiyga bag‘ishlab o‘rnatilgan bustning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Madaniyat vazirligi.
Aytilishicha, ushbu bust Vengriya-O‘zbekiston diplomatik aloqalari tarixida O‘zbekistonga bag‘ishlab ochilgan birinchi madaniy yodgorlik hisoblanadi. Ushbu loyiha vengriyalik haykaltarosh Dordji Lantos tomonidan amalga oshirilgan.
So‘zga chiqqanlarning ma’lum qilishicha, hozirda Tokio, Seul, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Ostona, Boku, Ashxobod, Dushanbe, O‘sh kabi shaharlarda Navoiyning bustlari o‘rnatilgan. Endilikda ular qatoriga Lakitelek shahri ham qo‘shildi.
V Vengrii otkrili bust Alishera Navoi
© Ministerstvo kulturi respubliki Uzbekistan
“Bizning oldimizda qad ko‘tarib turgan yodgorlik haykaltarosh Dordji Lantosning ajoyib ijodi bo‘lib, uning badiiy qarashlari Navoiy ruhining mazmun-mohiyatini qamrab oladi. Lantosning ishi an’anaviy va zamonaviy uslublarni mohirlik bilan uyg‘unlashtirib, madaniy rivoyatlarni chuqur tushunishni aks ettiradi” — deb ta’kidladi O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi.
Vengriya parlamenti raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu yodgorlik venger va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi o‘chmas do‘stlikka asos soldi.
V Vengrii otkrili bust Alishera Navoi
© Ministerstvo kulturi respubliki Uzbekistan
“Vengriyaning “Sharqqa nigoh” siyosati doirasida turkiy davlatlar bilan aloqalar, xususan, madaniy hamkorlik rivojlanmoqda. Alisher Navoiyga bugun o‘rnatilgan bust vengr va o‘zbek xalqlari o‘rtasida ming yillar davomida madaniy ko‘prik bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz” — deb qayd etdi Vengriya madaniyat vazirligi davlat kotibi.