O‘zbekiston va Vengriya saraton kasalligini davolash sohasida hamkorlik qiladi

O‘zbekistonlik onkologlarning Vengriyada qisqa muddatli amaliyot o‘tashini tashkil etish, onkologiya sohasida ikki tomonlama ilmiy-amaliy seminar va konferensiyalar o‘tkazish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari etib belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 12 okt — Sputnik. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya Milliy onkologiya instituti ijrochi direktori Chabo Polgar bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Vengriya tomonining ma’lum qilishicha, institut mamlakatdagi eng yirik saraton kasalligini davolash bo‘yicha muassasa bo‘lib, yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida onkologiya sohasida epidemiologik, davolash, tadqiqot va o‘quv markazi bo‘lib kelgan. Institut tadqiqot guruhi Vengriya milliy saraton dasturini ishlab chiqqan.
Institut mamlakatda o‘pka transplantatsiyasi amalga oshiriladigan yagona muassasa hisoblanadi. Yuqori darajadagi bilim va infratuzilma bemorlarga eng yuqori sifatli davolanish imkonini beradi.
O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi sog‘liqni saqlash sohasidagi strategik sheriklikni yangi mazmun bilan boyitishga ko‘maklashish maqsadida Chabo Polgar O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika onkologiya markazi va boshqa ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekistonlik onkologlarning Vengriyada qisqa muddatli amaliyot o‘tashini tashkil etish, shuningdek, onkologiya sohasida ikki tomonlama ilmiy-amaliy seminar va konferensiyalar o‘tkazish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari etib belgilandi.
Muzokaralar yakunida Vengriya tomoni hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash va loyihalarni ishlab chiqish uchun O‘zbekiston tibbiyot muassasalari mutaxassislari bilan onlayn maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldi.
O‘zbekiston va Vengriya rassomchilik va dizayn sohasida kadrlar tayyorlamoqchi