TOShKENT, 8 okt — Sputnik. MDH doirasidagi o‘zaro hamkorlik Rossiya Federatsiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar rahbarlari kengashining tor doiradagi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Moskvadagi katta Kreml saroyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin raisligida MDHga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar rahbarlari kengashining tor doiradagi yig‘ilishi
© Press-slujba prezidenta Rossii
“MDH doirasidagi o‘zaro hamkorlik Rossiya Federatsiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Biz uchun MDH davlatlari eng yaqin qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz, strategik hamkorlarimizdir. Va biz, albatta, hamkorligimizni har tomonlama mustahkamlashga tayyormiz, 2024-yilda Rossiya raisligi konsepsiyasi va tegishli tadbirlarning keng ko‘lamli rejalari aynan shu maqsadga qaratilgan”, — dedi Putin.
MDHning Moskvadagi sammiti ishtirokchilari iqtisodiy mavzularga, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga katta e’tibor beradi.
“Bugun kun tartibimiz juda boy. Tabiiyki, biz iqtisodiy mavzular va MDHda savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollariga katta e’tibor qaratamiz”, — dedi Putin MDH Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi yig‘ilishida.
MDH bosh kotibi Sergey Lebedevning ma’lum qilishicha, kun tartibidan 14 ta masala o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, tadbirda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirok etmoqda.