TOShKENT, 7 okt — Sputnik. O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali 3,8 milliard kub metrga yaqin Rossiya gazi yetkazib berilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
“Hozirgi kunda Rossiya gazi O‘zbekiston Respublikasiga tranzit qilinmoqda, bu yerda gap 3,8 milliard kubometr haqida ketmoqda. Qozog‘iston ichki bozorda gaz taqchilligi bo‘lmagan taqdirda faqat svop operatsiyalarini qabul qiladi. Ya’ni, bu kichik hajmlar. Narxlar, yuqorida aytganimdek, spot narxda shakllantiriladi”, — dedi Energetika vazirligi rahbari.
Avvalroq "QazaqGaz" boshqaruvi raisining iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari Akan Aydin Rossiya gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranziti hajmini yiliga 11 milliard kub metrgacha oshirish rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi.
“Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvurlari tizimi Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya hududlari orqali o‘tadi. 2023-yil iyun oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida “Gazprom” va O‘zbekiston Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi.