TOShKENT, 30 sen — Sputnik. O‘zbekiston va Yoqutiston o‘rtasidagi hamkorlik rivojlantiriladi. Bu haqda O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli Yusup Kabuljanov ma’lum qildi.
Yoqutiston rahbari Aysen Nikolayev va O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli Yusup Kabuljanovning ishchi uchrashuvida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
“Tomonlar Yoqutiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning keyingi rejalarini belgilab olishdi. Savdo aylanmasini oshirish, biznes missiyalarini tashkil etish, universitetlararo hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va turizmni rivojlantirish haqida so‘z yuritildi”, — deyiladi xabarda.
Ushbu rejalar yangilanishi rejalashtirilgan shartnomalar bilan mustahkamlanishi ko‘zda tutilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya o‘rtasidagi sheriklik munosabatlari keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Turli darajadagi aloqalarning ijobiy sur’atini ta’kidlash kerak. Rossiya O‘zbekiston Respublikasining muhim va ishonchli hamkoridir", – dedi Yusup Kabuljanov.
Aysen Nikolayev O‘zbekiston sportchilarining yuqori tayyorgarligini ta’kidlab, konsulni o‘tgan yozda o‘tkazilgan “Osiyo bolalari” o‘yinlarida jamoaning umumiy medallar hisobidagi g‘alabasi bilan tabrikladi.