Butunjahon kosmos haftaligi: O‘zbekistonda qanday tadbirlar o‘tkaziladi?

Mamlakatda 4-10 oktabr kunlari “Butunjahon kosmos haftaligi” tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 30 sen — Sputnik. O‘zbekistonda 4-10 oktabr kunlari “Butunjahon kosmos haftaligi” tadbirlari bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi “O‘zbekkosmos” agentligi axborot xizmati.

“4-10 oktabr kunlari "Tashkent City Mall" savdo-ko‘ngilochar markazida kosmos tarixiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma o‘z ishini boshlaydi. Qolaversa, bolajonlar uchun majmuadagi turli interaktiv shou o‘yinlar, tanlov va viktorinalar o‘tkaziladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, 5-6 oktabr kunlari Turin politexnika universitetida “NASA Space Apps Challenge 2024” xakatoni bo‘lib o‘tadi. Unda 200 nafardan ziyod yoshlar 40 taga yaqin jamoaga bo‘lingan holda o‘z loyihalarini ishlab chiqishadi.
Shuningdek, butun respublika bo‘yicha umumta’lim maktablari, akademik litsey va universitetlarda “Butunjahon kosmos haftaligi” mavzusiga bag‘ishlangan ochiq darslar, suhbatlar, taqdimotlar va boshqa qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, "Butunjahon kosmos" haftaligi har yili oktabr oyining dastlabki 10 kunligida dunyoning 100ga yaqin davlatlarida nishonlanadi. BMT Bosh Assambleyasi 1999-yilda mazkur sanani nishonlash bo‘yicha rezolyutsiya imzolagan. Bayram sanalari tasodifan tanlanmagan: 1957-yil 4-oktabrda SSSR dunyodagi birinchi sun’iy yo‘ldoshini uchirdi, 1967-yil 10-oktabrda esa AQSh, Buyuk Britaniya va SSSR o‘rtasida Kosmos haqidagi shartnoma imzolandi.
Ushbu tadbir kosmik ilm-fanning sivilizatsiya rivoji va hayot sifatini yaxshilashga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlanadi.
"O‘zbekkosmos" 2024-2025 yillarda MDH Davlatlararo kosmik kengashiga raislik qiladi