TOShKENT, 24 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini tabrikladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Avvalroq shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Vengriyaning Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida qariyb 200 ta davlat vakillari orasida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.
“G‘oyat keskin va murosasiz musobaqalarda sizlar yuksak aql-zakovat, mustahkam iroda va matonat fazilatlarini namoyon etib, Xitoy, Serbiya, Armaniston, Germaniya, Ozarbayjon, Sloveniya, Ispaniya kabi manaman degan davlatlarning jamoalarini ortda qoldirganingiz ulkan tahsin va tasannolarga sazovordir. Sizlarning timsolingizda Yangi O‘zbekiston yoshlari mana shunday aql va tafakkur bellashuvlarida qanday baland marralarni egallashga qodir ekanini ko‘rib, qalblarimiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘lmoqda”, — deyiladi tabrik matnida.
Qayd etilishicha, ushbu musobaqada yuksak intellektual salohiyatini namoyish etgan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidovlar erishgan natijalar juda qadrli.
“Ayniqsa, taxtalar kesimida Shamsiddin Vohidov oltin medalni, Nodirbek Abdusattorov kumush medalni qo‘lga kiritib, naqadar katta mahorat egasi ekanlarini yana bir bor isbotlaganlarini alohida ta’kidlash lozim”, — deya qayd etilgan xabarda.
Shuningdek, musobaqada Afro‘za Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Nodira Nodirjonova singari shaxmatchi qizlar ham munosib ishtirok etdi.
“Ular o‘tgan olimpiadada ko‘rsatgan natijalarini yaxshilab, 170 mamlakat o‘rtasida 12-o‘rinni egallaganlari albatta e’tiborga molikdir. Matonatli qizimiz Nodira Nodirjonova taxtalar kesimida faxrli 2-o‘rinni egallab, kumush medal bilan taqdirlangani ayniqsa quvonchlidir. Ularning barchasini samimiy qutlab, kelgusi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni zabt etishlarini tilayman”, — deya ta’kidlaydi mamlakat prezidenti.
Qayd etilishicha, bunday muvaffaqiyatlar xalqni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
“Sizlarga jonajon O‘zbekistonimiz 2026-yilda ilk bor mezbonlik qiladigan navbatdagi jahon shaxmat olimpiadasida ham eng yuksak cho‘qqilarni zabt etish nasib etsin! Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va saodat, kelgusidagi o‘qish va ishlaringizda katta muvaffaqiyatlar tilayman. Zafarli yurishlaringiz doimo bardavom bo‘lsin, aziz farzandlarim!”, — deya xulosa qilingan tabrikda.