Markaziy Osiyo davlatlari va Malayziya o‘rtasida investitsion elektron platforma yaratiladi

Platforma yaratish taklifi Savdo-sanoat palatasi tomonidan bildirildi.
Sputnik
TOShKENT, 24 sen — Sputnik. Malayziya hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida investitsion elektron platforma yaratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekiston-Malayziya biznes kengashi raisi Lim Chin Fui boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Malayziya o‘rtasida investitsion elektron platforma yaratiladi
Tashrif doirasida SSPda "O‘zbekiston - Malayziya" davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat qurilish, energiya resurslarini qayta ishlash, neft va gaz, qandolatchilik hamda sog‘liqni saqlash sohalarida ish yurituvchi 50 nafardan ortiq ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda eksport-import hajmini oshirish bo‘yicha fikr almashishdi.

“Suhbat chog‘ida Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov tomonidan Malayziya hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida investitsion elektron platforma yaratish bo‘yicha taklif berildi va xorijiy ishbilarmon doira vakillari tomonidan ma’qullanib, ushbu platformani ishga tushirishga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.

Aytilishicha, o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan keyingi qo‘shma harakatlar belgilandi.