TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Markaziy saylov komissiyasi (MSK) 20-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga oldi.
Ma’lumki, bu yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylanadigan 150 nafar deputatning 75 nafari saylovchilarning aniq bir nomzodga bergan ovozlariga muvofiq, qolgan, 75 nafari esa partiyalar ro‘yxatiga asosan saylanadi.
MSK O‘zLiDeP, “Milliy tiklanish”, Ekologik, XDP va “Adolat” partiyalari tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan 375 nafar nomzodlar hamda partiyalar ro‘yxatidagi jami 500 nafar nomzodni ro‘yxatga oldi.
MSKga ko‘ra, O‘zbekiston saylov tajribasida ilk bor beshta siyosiy partiya tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatilgan. Bunda “E-saylov” interaktiv portalining ishga tushgani ham qo‘l kelgan.
Qayd etilishiga ko‘ra, bu yilgi nomzodlar orasida ayollar soni eng yuqori — 44,7%, nomzodlar ancha yoshargan — o‘rtacha 47,2 yosh va ularning 99,3 % — oliy ma’lumotli.
Nomzodlar tanlashda yuqori inklyuzivlik ham kuzatilmoqda: deputatlar orasida turli millat vakillari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar ham bor.
Eslatib o‘tamiz, 27-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar, shahar va tuman kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizimi asosida o‘tkaziladi.