Endi davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatilib, dorilar beriladi

Prezident imzolagan hujjatga ko‘ra, aholidan davlat tibbiy sug‘urtasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Sputnik
TOShKENT, 11 sen — Sputnik. Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi va dorilar beriladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
“Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish Davlat budjetiga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi.
“Bunda aholidan davlat tibbiy sug‘urtasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi”, — deyiladi hujjat matnida.
Quyidagilar bosqichma-bosqich joriy etiladi:
davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari tasdiqlanadi va ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdim etiladi;
kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi;
shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga dorixonalar tomonidan bepul beriladi va dorixonalarning tegishli sarf-xarajatlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi (reimbursatsiya dasturi);
tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi hamda ishga tushiriladi;
kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb etiladi;
tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida tibbiy yordam ko‘rsatishda kasallikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi.
Shuningdek, imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko‘rsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo‘llanma asosida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadi.
Kelasi yil 1-iyuldan fuqarolar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi.
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;
Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;
voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari.
2027 yil 1-yanvardan so‘nggi bir yil davomida kamida 6 oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘laganlar uchun davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.
Bu yil davlat tibbiy sug‘urta tizimi qaysi hududlarda joriy etilishi ma’lum bo‘ldi