Kichik biznes uchun mikrokredit ajratish tartibi o‘zgaradi — yangi qaror

“Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida bir qator mexanizmlar amaliyotga joriy etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi takomillashtiriladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Tadbirkorlarga yengilliklar beriladi — prezident farmoni
Hujjatga ko‘ra, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida bir qator mexanizmlar amaliyotga joriy etiladi.
bir loyiha doirasida 300 million so‘mgacha mikrokreditlarni, shundan 100 million so‘m garovsiz qismini “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ mablag‘lari hisobidan, 200 million so‘mgacha qismini banklar va mikromoliya tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan ajratish;
garovsiz ajratilgan 100 million so‘m doirasida mikrokreditlar bo‘yicha kredit tavakkalchiligini davlat va mikrokredit beruvchilar o‘rtasida taqsimlash yoki ular bo‘yicha Kompaniyaning portfel kafilligini taqdim etish;
mikrokredit beruvchilar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan 100 million so‘mgacha garovsiz mikrokreditlarni qayta moliyalashtirish tizimiga o‘tish.
"Dastur doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar kamida bir yil mobaynida faoliyat yuritayotgan va ijobiy kredit tarixiga ega kichik tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi", — deyiladi hujjat matnida.
Shuningdek, 2024-yil 1-noyabrdan kichik tadbirkorlik subyektlari ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat yuritayotgan hudud toifasidan kelib chiqqan holda Kompaniya tomonidan mikrokredit beruvchilarga quyidagi stavkalarda qayta moliyalashtiriladi:
5-toifa uchun – 12,5 foiz;
4-toifa uchun – 13,5 foiz;
3-toifa uchun – 14,5 foiz;
2-toifa uchun – 17,0 foiz;
1-toifa uchun – 18,0 foiz.
Hujjat bilan “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Kompaniyaga moliyaviy mablag‘larni Markaziy bankning asosiy stavkasidan 2 foiz band past stavkada 3-yil imtiyozli davr bilan 7-yil muddatga joylashtirish tartibi joriy etiladi.

"2024 yil 1-noyabrdan mikrokreditlarni qayta moliyalashtirishda ular bo‘yicha yuzaga keladigan kredit tavakkalchiligini tumanlar (shaharlar) toifasidan kelib chiqib, Kompaniya va mikrokredit beruvchilar o‘rtasida taqsimlash tizimi joriy qilinadi", — deyilgan qaror matnida.

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga quyidagi vazifalar yuklatildi:
qayta moliyalashtiriladigan yoki kafillik taqdim etiladigan mikrokreditlarning shartlariga, mikrokredit oluvchilarga qo‘yiladigan talablarni va mikrokreditlar ajratadigan banklar va mikromoliya tashkilotlariga nisbatan muvofiqlik mezonlarini belgilash;
respublika budjeti va boshqa manbalardan moliyaviy mablag‘larni jalb qilish va ularni kichik tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan mikrokreditlar bo‘yicha tavakkalchiliklarni o‘zaro taqsimlash asosida qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish;
mikrokredit beruvchilar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan kichik tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan mikrokreditlar bo‘yicha portfel kafilliklar taqdim etish.
“Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” MChJning mol-mulklari baholashdan o‘tkazmagan holda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga qo‘shib yuboriladi.
Biznes, raqobat, javobgarlik va islom moliyasi: tadbirkorlar uchun yangi tashabbuslar