TOShKENT, 8 sen — Sputnik. Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida “Agroekspress” tezlashtirilgan temir yo‘l tashuvlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasini ma’qullash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
“Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi tomonidan taqdim etilgan, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor federal ijroiya organlari bilan kelishilgan hamda O‘zbekiston tomoni bilan avval ishlab chiqilgan Rossiya hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida “Agroekspress” tezlashtirilgan temir yo‘l tashuvlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi ma’qullansin”, — deyilgan hujjat matnida.
Bundan tashqari, Mishustin Iqtisodiy rivojlanish vazirligiga Rossiya TIV ishtirokida O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar olib borish, tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishgandan so‘ng ushbu shartnomani imzolash bo‘yicha topshiriq berdi.
Qayd etilishicha, zarur hollarda loyihaga fundamental xususiyatga ega bo‘lmagan o‘zgartirishlar kiritish mumkin bo‘ladi.