TOShKENT, 8 sen — Sputnik. Otabek Umarov Osiyo Olimpiya kengashining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Hindistondagi Osiyo Olimpiya kengashining 44-Bosh Assambleyasida tashkilotning rahbarlik lavozimlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotni vaqtinchalik boshqarib borayotgan Raja Randxir Singx kengash prezidenti etib saylandi.
Otabek Umarov Osiyo Olimpiya kengashining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi
© NOK
Shuningdek, 5 ta mintaqaga vitse-prezidentlar ovoz berish yo‘li bilan aniqlab olindi.
“Biz uchun ahamiyatli tarafi, Otabek Umarov O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afg‘onistondan iborat Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha tashkilot vitse-prezidenti etib saylandi”, — deyiladi xabarda.
Bungacha Otabek Umarov muddati qisqa bo‘lgan davr – Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha vitse-prezident bo‘lgan.
“Bu vaqtinchalik lavozim musobaqa yakunigacha amal qilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidentlik doimiy xarakterga ega va endi hamurtimiz butun qit’amizdagi 5 mintaqadan birida Olimpizm rivojiga mas’ul bo‘ladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Qayd etilishicha, Otabek Umarov endi butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi Olimpizm harakatining rivojiga mas’ul bo‘ladi.
Otabek Umarov Osiyo Olimpiya kengashining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi
© NOK
Umarov unga bildirilgan ishonchni oqlashga, mintaqada Olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini yanada keng targ‘ib qilishga va’da berdi.
Ma’lumot uchun, Otabek Umarov Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi prezidenti, Prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida ham faoliyat olib boradi.