TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev "Toshkent-Sharqiy" aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda “Toshkent-Sharqiy” aeroporti qayta qurilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev "Toshkent-Sharqiy" aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Dastlab 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurildi. U eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Ayni paytda yuqori martabali mehmonlar uchun hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda.
Qayd etilishicha, aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev "Toshkent-Sharqiy" aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Shu yerda terminallarning tashqi va ichki ko‘rinishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari binolarning fasad qismi milliy dizaynda bo‘lishi, pardozlash va jihozlashda issiq ranglarga ko‘proq o‘rin berilishiga ahamiyat qaratdi. Yuqori martabali mehmonlarni kutib olish, uchrashuvlar o‘tkazish uchun barcha qulayliklarni inobatga olish zarurligini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.
Mazkur aeroport “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Olimpiya shaharchasi bilan yonma-yon. Ushbu majmualarni va yo‘l bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.