O‘zbekiston va Rossiya tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri va Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri hamraisligida Ishchi guruhning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 4 sen — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruhining ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston dasturiy budjetlashtirishni Rossiya ko‘magida amalga oshiradi
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov hamraisligida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruhining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida sanoat, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi tegishli rahbarlarning hisobotlari tinglandi.
“Ular O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shma Chora-tadbirlar rejasi doirasida kelishilgan loyiha va kelishuvlarni amalga oshirishning bugungi holati to‘g‘risida ma’lumot berishdi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, dastur ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq maqsadga erishishga qaratilgan.
Uchrashuv ishtirokchilari Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filialini ochish va Strategik tashabbuslar ekspert markazi faoliyati bilan ham tanishishdi.
“Muzokaralar yakunida hamkorlikni kuchaytirish va ikki davlat o‘rtasidagi savdoni rivojlantirishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha birgalikda samarali choralarni ko‘rishda davom etishga tayyorlik bildirildi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Rossiya O‘zbekistonning an’anaviy yirik savdo hamkori hisoblanadi. Shu yilning 7 oyida tovar ayirboshlash hajmi 29,1 foizga o‘sib, 6,8 milliard dollarni tashkil etdi. Bu davrda Rossiya Federatsiyasiga 175 ta tovar pozitsiyalarida eksport hajmining o‘sishi kuzatildi. 11,3 million dollarlik 64 ta yangi tovar eksporti yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Moskva va Rossiyaning boshqa shaharlarida savdo vakolatxonalarini ochadi — ekspert
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruhining birinchi yig‘ilishida iyul oyida bo‘lib o‘tgan edi.