TOShKENT, 4 sen — Sputnik. G‘alabaning 80-yilligiga bag‘ishlangan parad arafasida Moskvada MDHning norasmiy sammitini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
Vladivostokda bo‘lib o‘tayotgan Sharqiy iqtisodiy forum davomida Dmitriy Peskov Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 80-yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan paradga kimlar taklif etiladi, degan savolga javob berdi.
Kreml vakilining tushuntirishicha, Rossiya poytaxtidagi paradga do‘st bo‘lmagan davlatlar rahbarlari taklif etilmaydi.
“Biz do‘stona bo‘lmagan davlatlar rahbarlarini taklif qilmaymiz, aks holda bu juda ta’sirli ro‘yxat bo‘ladi. Lekin birinchi navbatda, albatta, bu MDH bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Rossiya prezidenti matbuot kotibi.
Bundan tashqari, MDHga a’zo davlatlar sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Bir kun avval G‘alaba kuni munosabati bilan MDHning norasmiy sammiti va boshqa ko‘plab ikki tomonlama aloqalar rejalashtirilgan”, — dedi Peskov.
Kecha Vladivostokda Sharqiy iqtisodiy forum boshlandi. Bu yilgi tadbirning asosiy mavzusi: “Uzoq Sharq-2030. Imkoniyatlarni yaratib, kuchlarni birlashtiramiz”. Forumda 76 ta mamlakat va hududdan olti mingdan ortiq kishi ishtirok etmoqda.