Boysunda favqulodda hodisa yuz berdi

Boysundagi konlardan birida texnologik favqulodda hodisa sodir bo‘ldi, hech kim jabrlanmagan — FVV.
Sputnik
TOShKENT, 2 sen — Sputnik. Surxondaryo viloyati Boysun tumanida texnologik favqulodda hodisa sodir bo‘ldi. Bu haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qilmoqda.

1 sentabr kuni, soat 15:17 da Surxondaryo viloyati Boysun tumani "Ko‘lqamish" MFY hududida joylashgan "Mustaqillikning 25-yilligi" koniga qarashli 604-son qudug‘ida burg‘ulash ishlari olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan.

Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.
"Fuqarolarning tan-jarohati olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmagan. Vaziyat to‘liq nazorat ostida. Vahimaga o‘rin yo‘q", - deyilgan xabarda.
Hodisa joyiga tegishli tashkilotlarning vakillari yetib borgan. Mutaxassislar barcha zaruriy ishlarni olib borishmoqda.