TOShKENT, 29 avg — Sputnik. O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) mashg‘ulotlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi. Bu haqda tashkilotning birlashgan shtab boshlig‘i Andrey Serdukov brifingda
ma’lum qildi. Sentabr va oktabr oylarida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonda KXShT mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
3-15 sentabr kunlari Qirg‘izistonda KXShT Tezkor harakat kollektiv kuchlari bilan mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. “O‘zaro hamkorlik – 2024”, “Eshelon – 2024” va “Izlash – 2024” mashqlari Chuy va Issiqko‘l viloyatlarida tashkil etiladi.
Serdukovning qayd etishicha, “O‘zaro hamkorlik-2024” KXShTning Tezkor harakat kollektiv kuchlari bilan qo‘mondonlik shtab mashg‘ulotlari inqirozli vaziyatni bartaraf etish uchun kuch va vositalardan foydalanishni ishlab chiqishga qaratilgan.
Ushbu mashg‘ulotlarga KXShTga a’zo bo‘lmagan davlatlarning vakillari kuzatuvchi sifatida taklif qilindi: Jazoir, Misr, Hindiston, Eron, Xitoy, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston, BMT va ShHT kotibiyatlari, Ijroiya qo‘mitasi va MDH aksilterror markazi.
“Mashg‘ulotlar inqirozli vaziyatni bartaraf etish uchun kuch va vositalardan foydalanishni ishlab chiqishga qaratilgan. Kollektiv tezkor harakat kuchlari jamoaviy xavfsizlik tizimining universal vositasi bo‘lib, barcha mavjud chaqiriq va tahdidlarga munosib javob berishga imkon beradi. Mashqlar davomida biz kollektiv kuchlar kontingentini amalda eng yuqori jangovar shay holatga keltiramiz, guruh tuzamiz, qurolli mojaroni hal qilish bo‘yicha qo‘shma operatsiyani tayyorlaymiz va o‘tkazamiz”, — dedi Serdukov.
Aytilishicha, qo‘shma tadbirlarni rejalashtirishda zamonaviy qurolli mojarolar tajribasi, xususan, maxsus harbiy operatsiya, Suriyadagi urush va arab-isroil qarama-qarshiligi hisobga olingan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oktabr oyi boshida Qozog‘istonda KXShT tinchlikparvar kuchlari bilan “Buzilmas birodarlik – 2024” qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
Milliy kontingentlarni qayta guruhlash, belgilangan hududda Kollektiv tinchlikparvar kuchlarni shakllantirish, tinchlikparvar operatsiyani rejalashtirish va o‘tkazish masalalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Unga ko‘ra, KXShTning Markaziy Osiyodagi mashg‘ulotlari boshqa davlatlarga qarshi qaratilmagan.
“KXShT qo‘shinlari (kollektiv kuchlari) bilan rejalashtirilgan tadbirlar tashkilotga a’zo davlatlarning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini kollektiv asosda himoya qilishga qaratilgan, ular xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi va boshqa davlatlarga qarshi qaratilmaganligini qayd etmoqchiman”, — dedi Serdukov brifingda.