Termizda xalqaro savdo markazi ochildi

Aripov Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston vakillari bilan Termiz xalqaro savdo markazini ochib berdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Bugun “Termiz xalqaro savdo markazi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi O‘zbekiston bosh vaziri matbuot kotibi.
Marosimda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Afg‘oniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar, Ozarbayjon bosh vazirining o‘rinbosari Shahin Mustafayev, Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vazirining o‘rinbosari Nazarbek Malayev, Qozog‘iston savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Qayrat Torebayev ishtirok etdi.
Ramziy tasma kesilib, markaz rasman ochilganidan so‘ng, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston Qirg‘iziston va boshqa mamlakat diplomatik korpus vakillari markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
“Termiz xalqaro savdo markazi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mintaqadagi barcha davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
“Qulay ishbilarmonlik muhiti va logistikani yaratish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun zarur sharoit yaratish maqsadida “Termiz xalqaro savdo markazi” barpo etildi”, — deyiladi xabarda.
Mazkur markaz mintaqada savdo aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirildi.
“Termiz xalqaro savdo markazi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Shuningdek, Markazda Afg‘oniston fuqarolariga savdo-sotiq qilishlari, ta’lim, tibbiyot hamda boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritildi.
“Termiz xalqaro savdo markazi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Ma’lumot uchun, markaz hududida faoliyat yurituvchi O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan tadbirkorlik subyektlariga Afg‘oniston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnoma olmasdan mehnat shartnomalari asosida ishga qabul qilishga ruxsat beriladi.
Afg‘oniston va Pokiston fuqarolariga savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan bino va inshootlarni ijaraga olish, shuningdek, istisno tariqasida, mulk huquqi bilan sotib olish huquqi beriladi. Bunda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq qonunchilikda belgilangan tartibda ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Ulgurji va chakana savdoda to‘lov vositasi sifatida, istisno tariqasida, o‘zbek so‘mi bilan bir vaqtda dollar, rubl, yevro, yuan valyutalarini qabul qilishga ruxsat beriladi.