O‘qotar bo‘lmagan qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganlar javobgarlikka tortilmaydi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi norma kiritildi.
Sputnik
TOShKENT, 28 avg — Sputnik. O‘zbekistonda o‘qotar bo‘lmagan qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikka tortilmaydi. Bu bo‘yicha prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritildi.
Hujjatga ko‘ra, shaxs o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ixtiyoriy ravishda topshirsa ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
“Ilgari bunday norma mavjud emas edi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, o‘qotar quroldan belgilangan tartibni buzgan holda otish — qurolni va o‘q-dorilarni musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Pnevmatik, uloqtirish, signal beruvchi quroldan belgilangan tartibni buzgan holda otish, shuningdek tig‘li sovuq quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish — qurolni va o‘q-dorilarni musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qurol va o‘q-dorilarni hadya etish taqiqlandi