TOShKENT, 26 avg — Sputnik. Rossiyaning “Vektor” davlat ilmiy-tadqiqot markazida ishlab chiqilgan maymunchechakni aniqlash uchun test tizimlarining birinchi to‘plamlari shu hafta O‘zbekistonga yetkaziladi. Bu haqda RIA Novosti Rospotrebnadzor matbuot xizmatiga tayangan holda xabar berdi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar aholisining sanitariya-epidemiologiya farovonligini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organlar rahbarlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bosh davlat sanitariya shifokorlari, Tojikiston va O‘zbekistonning sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi sohasidagi vakolatli organlari rahbarlari ham taklif etildi.
“Hamkorlar Rossiya tomoniga Rospotrebnadzorning “Vektor” Virusologiya va biokimyo ilmiy-tadqiqot markazi Federal budjet muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan maymunchechakni aniqlash uchun test tizimlarini taqdim etish iltimosi bilan murojaat qilishdi. Test tizimlarining birinchi to‘plamlari shu haftada O‘zbekistonga yetkaziladi”, — deyiladi xabarda.
Yevroosiyo mintaqasida maymunchechakning tarqalish xavfi past deb baholanmoqda.
“Uchrashuvda JSSTning maymunchechak kasalligi bo‘yicha xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat e’lon qilishi bilan bog‘liq vaziyat masalasi muhokama qilindi. Kengash a’zolarining fikricha, YeOIIga a’zo davlatlar, Tojikiston va O‘zbekistonda maymunchechak kasalligining tarqalish xavfi past deb baholanmoqda”, — deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda Yevroosiyo mintaqasining barcha davlatlari chegarada sanitariya-karantin nazorati choralarini kuchaytirgani ta’kidlandi.