Parlament saylovi uchastkalari qaysi davlatlarda tuzilishi ma’lum bo‘ldi

Rossiyada tuziladigan saylov uchastkalari soni 7 taga teng.
Sputnik
TOShKENT, 26 avg — Sputnik. O‘zbekistondagi parlament saylovlari uchun xorijiy davlatlarda saylov uchastkalari tuzildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning 39 ta chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuzilishi belgilandi.
Saylov uchastkalari quyidagi davlatlarda joylashgan:
Avstriya, Afg‘oniston, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Indoneziya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Quvayt, Latviya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Polsha, Singapur, Tayland, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Ummon, Fransiya, Hindiston, Shveysariya, Shvetsiya, Eron va Yaponiyada – 1 tadan;
Amerika Qo‘shma Shtatlari, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya va Qirg‘iziston– 2 tadan;
Qozog‘iston va Xitoyda 3 – tadan;
Rossiya Federatsiyasida – 7 ta.
Saylov kodeksiga muvofiq, partiya ro‘yxati asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovini o‘tkazish uchun Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuziladi.
Shunga ko‘ra, majlisda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan “E-saylov” axborot tizimi orqali yuborilgan taqdimnomaga asosan Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzuridagi saylov uchastkalari Toshkent shahri hududiga biriktirildi.
Ma’lumot uchun, 27-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.
MSK siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berdi