O‘zbekistonda rossiyalik talabalar uchun yangi chegirma dasturi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi marketing tadqiqotlari va milliy turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish bo‘limi boshlig‘i Aziz Mirjalilov Sputnik O‘zbekiston multimedia matbuot markazida aytib o‘tdi.
“O‘zbekistonga tashrif buyurganda ularga turar joy uchun chegirmalar, madaniy meros obyektlari, madaniy obyektlarga chegirmalar beriladi. Bu yosh sayyohlar uchun turizm narxiga ta’sir ko‘rsatadigan chegirmalar tizimidir”, — dedi u.
Mutaxassis, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida transport-logistika hamkorligi rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ayni paytda O‘zbekiston va Rossiya aviakompaniyalari tomonidan haftasiga 280 tadan ortiq reys amalga oshirilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Transport vazirligi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviatashuvchisi, xususiy aviakompaniyalar hamkorligida qatnovlar sonini ko‘paytirish ustida ish olib borilmoqda.
“Turistlar oqimini rivojlantirishning asosiy omili, albatta, aviaqatnovlar geografiyasining kengayishi bo‘lib, nafaqat poytaxtlar, balki ikki mamlakat hududlari o‘rtasida ham aloqalar o‘rnatilmoqda”, - deydi Mirjalilov.
Batafsil videolavhada tomosha qiling.