TOShKENT, 22 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 22-23 avgust kunlari davlat tashrifi bilan respublikada bo‘ladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari raisligida oliy darajadagi muzokaralar va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
“O‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, kooperatsiya loyihalarining yangi portfelini shakllantirish, ishbilarmonlik aloqalarini, shu jumladan, hududlararo almashinuvni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish va boshqa masalalar diqqat markazida bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Prezidentlar ikki mamlakat biznesi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishi, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarda ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 5-iyul kuni Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etgan edi. Shuningdek, Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev hamrohligida Shushadagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.