Endi O‘zbekistonning ATTO kartalaridan Qirg‘izistonda foydalanish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonliklar Qirg‘izistonda jamoat transportlariga ATTO orqali to‘lov qilishi mumkin bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 21 avg — Sputnik. Endi O‘zbekistonning avtomatlashtirilgan transport to‘lov tizimi operatori (ATTO) kartalaridan Qirg‘izistonda foydalanish mumkin bo‘ladi, deya xabar berdi operator matbuot xizmati.
Qirg‘izistonning “Tulpor” kompaniyasi va ATTO hamkorlik memorandumini imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Qirg‘izistonda jamoat transportlariga ATTO orqali to‘lov qilishi mumkin bo‘ladi.
“Tulpar va ATTO hamkorlik memorandumini imzolagan bo‘lib, uning maqsadi ikki davlat shaharlaridagi jamoat transportida to‘lovlarni o‘zaro qabul qilish imkoniyatidir. Tez orada Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab sayohat haqini Tulpar kartalari bilan, O‘zbekiston fuqarolari esa Bishkekda ATTO kartalari orqali to‘lashlari mumkin bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, faol rivojlanayotgan turizm sharoitida bunday hamkorlik ikki mamlakat aholisining sayohatlarini yanada qulay qiladi.
Tizimlararo integratsiya ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 15-may kunidan boshlab poytaxtda joylashgan barcha transport karta sotish shahobchalari faoliyati to‘xtatildi. Endilikda ATTO transport kartalarini xarid qilish, hisobini to‘ldirish va tarif sotib olish xizmatlari UzPost aloqa bo‘limlarida amalga oshiriladi.