O‘zbekiston va YeOII

YeOII BRIKS mamlakatlari bilan tizimli muloqotni rivojlantiradi

“YeOII-BRIKS” munozara formatini sanoatni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun yillik platformaga aylantirish taklif etildi.
Sputnik
TOShKENT, 21 avg — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) BRIKS mamlakatlari bilan tizimli muloqotni rivojlantiradi. Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) sanoat va agrosanoat majmui vaziri Goar Barsegan ma’lum qildi, deb yozmoqda YeIK matbuot xizmati.
“Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifasi uning xalqaro maydonda iqtisodiy joziba qutbi sifatida mavqeyini egallashdir. Bu borada BRIKS mamlakatlari bilan real sektorda hamkorlikni chuqurlashtirish biz uchun juda muhim”, – dedi Barsegan Nijniy Novgorodda bo‘lib o‘tgan BRIKS sanoat vazirlari yig‘ilishida.
U hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida YeOII mamlakatlari ishlab chiqarish majmualarini yaratish va modernizatsiya qilish uchun investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or texnologiyalar transferi tizimini shakllantirish, shu jumladan YeOII va BRIKS uchun umumiy raqamli xizmatni yaratishni qayd etdi.
YeOII BRIKS mamlakatlari bilan tizimli muloqotni rivojlantiradi
Shuningdek, u ilmiy-texnikaviy va innovatsion sohalarda o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.
YeIK vaziri “YeOII-BRIKS” munozara formatini sanoatni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun yillik platformaga aylantirishni taklif qildi.
Barsegan BRIKS vakillari bilan faol hamkorlik mamlakatlarning sanoat o‘sishi va farovonligiga yo‘naltirilgan integratsiya jarayonlarini rivojlantirishda muhim amaliy natijalarga erishish imkonini berishiga ishonch bildirdi.