TOShKENT, 20 avg — Sputnik. Rossiyaning Primorsk o‘lkasida O‘zbekiston fuqarolarining tibbiy xizmatlardan foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiyaning Primorsk o‘lkasidagi "Lotos", "Yediniy Meditsinskiy Sentr" va "DiaMed" tibbiyot klinikalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
“Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarining tibbiy xizmatlardan foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxini arzonlashtirish va kelgusida ushbu yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga kelishib olishdi”, — deyiladi xabarda.
Uchrashuvda ishlash maqsadida Primorsk o‘lkasiga kelayotgan va ushbu hududda vaqtincha bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning tibbiy xizmatlardan foydalanishi bo‘yicha paydo bo‘layotgan muammolar ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va yuqumli kasalliklar mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnomalarni olish jarayonini soddalashtirish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxini arzonlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.