TOShKENT, 20 avg — Sputnik. Shu yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston 10,5 milliard dollarlik mahsulot (oltindan tashqari) va xizmatlar eksport qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga ko‘pdir. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
“2024 yilning yanvar-iyul oylari yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston 10,5 milliard dollarlik mahsulot (oltindan tashqari) va xizmatlar eksport qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga yoki 1,2 milliard dollarga ko‘pdir”, — deyiladi xabarda.
Quyidagilar eksporti oshdi:
mis mahsulotlari — 38 foizga (+53 million dollar);
kabel mahsulotlari — 13 foizga (+25 million dollar);
meva-sabzavot mahsulotlari — 24 foizga (+152 million dollar);
karbamid — 2,7 marta (+51 million dollar);
qurilish materiallari — 48 foizga (+45 million dollar);
zargarlik buyumlari — 74 foizga (+10 million dollar);
turizm — 31 foizga (+404 million dollar);
transport xizmatlari — 28 foizga (+248 million dollar).
Aytilishicha, 18 ta davlatga eksport hajmining jadal o‘sishi hisobiga 1,1 milliard dollarlik qo‘shimcha eksport ta’minlandi. Xususan, Rossiyaga – 28 foizga (+465 million dollar).
Shuningdek, Fransiya 2 barobarga (+241 million dollar), Afg‘oniston - 19 foizga (+89 million dollar), AQSh - 2,2 barobarga (+101 million dollar), BAA - 42 foizga (+56 million dollar) oshgan.