Yangi loyihalar va ish o‘rinlari: Orolbo‘yini qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

Qoraqalpog‘istonda qariyb 9,5 milliard dollarlik 120 dan ortiq yangi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 19 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda ramziy tugmani bosib, yangi inshootlarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirda hudud iqtisodiyotiga turtki beruvchi qariyb 9,5 milliard dollarlik 120 dan ortiq yangi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Ushbu loyihalar 2025-2028 yillarda bosqichma bosqich ishga tushiriladi. Natijada 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni, 12 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati va budjetga 500 milliard so‘m qo‘shimcha tushum yaratiladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
So‘nggi yillarda 2 milliard dollar investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10 ta quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 1,5 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanib, “yashil” energiya ulushi 15 foizga yetkaziladi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 19 milliard dollar bo‘lgan 18,6 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha amalga oshirilmoqda.
“Prezidentimiz bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasining hissasi katta ekanini ta’kidladi. Nufuzli tadqiqot institutlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 680 gigavatt quyosh, 120 gigavatt shamol energiyasi salohiyati bor. 2030-yilga qadar Qoraqalpog‘istonda 11 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobiga, jami 10,3 gigavatt quvvatga ega 10 ta yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar to‘liq ishga tushishi hisobiga yiliga 35 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi”, — deyiladi xabarda.
Quvvat uzatishda barqarorlikni ta’minlash uchun Qo‘ng‘irot, Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida jami 400 megavattli 3 ta elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.
Bugun ushbu loyihalarning bir nechtasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlanmoqda:
Birinchisi, Xitoyning “Sany Renewable” kompaniyasi tomonidan Qo‘ng‘irot tumanida quriladigan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik, 1 gigavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi.
Ikkinchisi, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida tashkil etiladigan qiymati 250 million dollarlik 100 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimiga ega 200 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi.
“Kelgusida ularda yiliga 4 milliard 200 million kilovatt soat yoki 1 million 750 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada qariyb 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi va atmosfera zararlanishi qariyb 2 million tonnaga qisqaradi”, — deya ta’kidlangan xabarda.
Qo‘ng‘irot tumanida shamol turbinasi qismlari, minoralari va parraklarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar qurilishi ham boshlanmoqda. Natijada yiliga 1 000 megavatt quvvatli shamol turbina qismlari va 120 ta minorani ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, 100 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, Nukus tumanida 24 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 20 million dona isitish radiatorlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Aytilishicha, shu kunlarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida 62 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Marosimda ulardan ikkitasi – Beruniy tumani va Nukus shahridagi yirik savdo majmualari ochildi.
Qoraqalpog‘istonda yangi loyihalar ishga tushiriladi — investorlar kim?