TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Istanbulda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzilaning dastlabki daqiqalarida olti yuz ming uy qulash xavfi ostida, taxminan 2,5 million kishi jiddiy xavf ostida yashaydi, deydi Turkiya Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum.
Shimoliy Anadolu yorig‘ining tarmoqlaridan biri Marmara dengiziga Istanbul qirg‘oqlaridan o‘tadi. Olimlar Istanbul va Marmara dengizi hududida 7 balldan kuchli zilzila bo‘lishini, uning iqtisodiy oqibatlari butun Turkiyaga sezilishini bashorat qilmoqda.
“Bugun biz Istanbulning 39 tumanida xavf tahlilini yakunladik va bu shahardagi umumiy uylar sonining beshdan bir qismi – taxminan 1,5 million uy xavfsizlik talablariga javob bermasligiga ishonch hosil qildik. Zilzila sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan taqdirda, biz birinchi daqiqalarda 600 ming uy qulash xavfi ostida ekanligini ko‘rdik. Boshqacha aytganda, qariyb 2,5 million odamlarimiz juda jiddiy xavf ostida yashaydi. Biz bu vaziyatning jiddiyligini to‘liq tushunamiz va bu binolarni zudlik bilan o‘zgartirish zarurligini bilamiz”, - deb vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirdi “Dünya” gazetasi.
Istanbul meriyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, 7,5 magnitudali zilzila sodir bo‘lsa, shahardagi kamida 90 ming bino vayron bo‘ladi, 4,5 millionga yaqin fuqaro vaqtinchalik uy-joyga muhtoj bo‘lishi mumkin. Sug‘urta kompaniyalari zilziladan ko‘riladigan zarar 325 milliard dollardan oshishi mumkinligini taxmin qilmoqda.